notanish
Thursday, 19 Jun 2025

Xotiralar. Birinchi qism

Bilasizmi, sizda qanday bilmadimku, lekin menda doim insonlar, voqealar, musiqa, hattoki biror yerga tushgan dog' ham, yorqin xotiralarni uyg'otadi. Ba'zan ular meni yillar oralab yana ortga, o'sha yodimda muhrlangan onlarga eltib ketadi go'yo.

Uni eslaganimda esa ruhimda boshqacha bir yengillik, kayfiyatimda ko'tarinkilik paydo bo'ladi. Hayolan yana o'sha litseyning birinchi yiliga, 20.. yilning kuz fasliga borib qolaman.

Uni bir ko'rishda sevib qolmaganman. Lekin, ilk ko'rishdayoq qandaydir bog'liqlikni his qilganman. Yo'q, U bilan kinolardagi kabi go'zal peyzaj fonida, yoki dugonalari qurshovida uchrashib qolmaganmiz. Bu bog'lanish ilk bora o'sha, litsey tomonidan beriladigan formani olishim kerak bo'lgan kun, uzun navbat oralab kelayotgan, ko'rinishidan biroz asabiylashgan qizni ko'rganimda dunyoga kelgan. Yaxshiyamki, o'quv yilining ilk kuni barchamizni ismimizni aytib, guruhlarga saralab olishgani. Bo'lmasa kim biladi, ismini bila olarmidim yo'qmi. 

Bilasizmi, ism men uchun go'yo xotiralar kaliti. Kimnidur ismini unutib qo'ysam, uning o'zidan ham ayrilib qolgandek his qilaman. Go'yo u butunlay yo'qolib qolgandek, hech qachon mavjud bo'lmagandek...

Ayni o'sha, mening yodimda muhrlangan, litseyning birinchi yili u guruhining faollaridan edi. Ko'pincha, dekanattan jurnal ko'tarib chiqayotgan payti yoki darslar tugaganidan keyin ko'rardim. Bilmadim nega, ba'zan kursdoshlari orasida ko'rib qolib, rashk qilardim. Guruhi, o'qituvchilari orasida qattiq hurmat qilinardi. O'zi ham doim quyoshdek charaqlab turar edi. Shu sababmi bilmadim, Uni eslaganimda ichimda bir kichik yulduz nur sochayotganini his qilaman. Uning harakatlaridagi o'ziga xos ishonch, nafosat va go'zallik meni maftun qilib qo'ygan edi. Faqatgina, bir safar oshxona oldida yig'lab o'tirgan holda ko'rib, ko'nglim buzilgan edi. Eslasam, hozir ham yuragim to'lib ketadi... 

Erta qish kunlari. Kecha yoqqan qor tezroq erib, yo'q bo'lib ketishga intilayotgandek. Do'stim bilan litsey hovlisida aylanib yurgan edik. Asosiy darvoza yonida Uni ikki dugonasi bilan uchratib qoldim. Bir nimani berilib gaplashib turishgani uchun, sezdirmaslikka urinib, ko'z qirim bilan qaragancha yonidan o'tib borayotgandim. Nogahon nigohimiz to'qnashib qoldi. Va o'sha narsa yuz berdi...

***

Buguncha hikoyani shu yerda to'xtataman. Hozircha o'zim, o'z xotiralarim bilan yolg'iz qolgim kelayapti. Axir ba'zi xotiralar faqat yurak tubida saqlanadi.

Keyingi hikoya, orada bo'lib o'tgan voqealar to'g'risida bo'lmaydi. Balki... yo'q, yaxshisi shoshilmay tura qolay. Hali hammasini bilib olishga ulgurasiz.